Joriy yilning 11-oktabr kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov “Asyad Group” (Ummon) boshqaruvi raisi Shayx Nosir Sulaymon al-Hartiy boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati. Uchrashuvda Ummon Sultonligining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Vafo Jabr Nosir al-Busaidiy ham ishtirok etdi.
“Asyad Group”ning koʻp tarmoqli faoliyatini eʼtiborga olgan holda, Oʻzbekiston-Ummon savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy munosabatlari koʻrib chiqildi, bunda Ummon tomoni faol sarmoyaviy ishtirok etishi mumkin boʻlgan foydalanilmagan sohalar va imkoniyatlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi, logistika, ko‘chmas mulk boshqaruvi, mehmonxona biznesi va turizm kabi sohalarda uzoq muddatli istiqbolda sof joriy qiymati yuqori bo‘lgan loyihalar taqdim etildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishga sobit qolishlarini bildirib, yangi tashabbuslarni amalga oshiriladigan iqtisodiyot tarmoqlarini belgilab oldilar hamda barcha kelishuvlarni qamrab olgan Hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni imzoladilar.