O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Yaponiyaning ‘‘Toyota Tsusho’’ kompaniyasi bosh direktori Nobuxiko Murakami bilan uchrashdi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.
Suhbat davomida hamkorlikning dolzarb masalalari, jumladan, energetika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarning bugungi holati, yangi qo‘shma loyihalar portfelini kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
‘‘Toyota Tsusho Corporation’’ ‘‘Toyota’’ guruhi tarkibiga kiruvchi savdo kompaniyasidir. 1948-yilda tashkil etilgan. Dunyo bo‘ylab 150 dan ortiq ofis va 900 filiallarni o‘z ichiga oladi. Kompaniyaning asosiy faoliyati ‘‘Toyota Motor’’ va ‘‘Toyota’’ guruhining boshqa kompaniyalarining avtomobil biznesini qo‘llab-quvvatlashdan iborat. 50 mingdan ortiq xodimlarga ega.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar va muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni jadal amalga oshirish doirasida bevosita o‘zaro hamkorlik formatini ishlab chiqdilar.