24 sentabr 2024

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri ‘‘Templeton Asset Management Ltd’’ bosh direktori bilan uchrashuv o‘tkazdi

2024-yilning 24-sentabr kuni Osiyo Infratuzilmaviy Investitsiyalar Banki boshqaruvchilari kengashining 9-yillik yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov ‘‘Templeton Asset Management Ltd’’ kompaniyasining hamraisi Sekxon Manraj bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar beradi ISSV matbuot xizmati.

Uchrashuv davomida kompaniya tomonidan O‘zbekistonda yirik loyihalarni amalga oshirishda texnik-konsultatsion yordam ko‘rsatish, o‘zaro manfaatli tashabbuslarni moliyalashtirish bo‘yicha qo‘shma mexanizmlar yaratish masalalari muhokama qilindi.

Sekxon Manraj mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, ularning taassurotli natijalari xalqaro aktivlar bozorining yirik ishtirokchilarida ishonch uyg‘otayotganini ta’kidladi. Buning yaqqol isboti sifatida OIIB boshqaruvchilari yig‘ilishi ilk bor Markaziy Osiyoda, aynan O‘zbekistonda o‘tkazilayotgani ko‘rsatdi.

Uchrashuv yakunida kompaniya rahbariyati tomonidan erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishini faollashtirish va mamlakatimizdagi ijobiy o‘zgarishlarga har tomonlama ko‘mak berish borasidagi tayyorlik tasdiqlandi.

“Franklin Templeton” — 1947-yilda Nyu-Yorkda asos solingan global investitsion kompaniya bo‘lib, unda 9 mingdan ortiq xodim faoliyat yuritadi. Kompaniyaning bosh ofisi AQShning Kaliforniya shtatida joylashgan. Kompaniya boshqaruvidagi aktivlarning umumiy qiymati 1,5 trillion AQSh dollaridan oshadi. U 30 ta mamlakatda 100 dan ortiq ofislarga ega.