23 iyun 2025

O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish hamda chuqurlashtirishga qaratilgan tadbirlarda ishtirok etdi

2025-yil 20-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Ozarbayjonning Boku shahrida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish hamda chuqurlashtirishga qaratilgan tadbirlarda ishtirok etdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Xususan, tashrif dasturiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 14-yig‘ilishi hamda III O‘zbekiston va Ozarbayjon hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi. Ushbu forumda ikki mamlakatning 50 dan ortiq ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi.

Tadbirlarda Ikki tomonlama savdo hajmini oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasini hamda 2025–2026-yillar uchun Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish, ikki yillik savdo missiyalari jadvalini ishlab chiqish va boshqa tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan choralar ko‘rishga kelishib olindi.

Shuningdek, Toshkent va Bokuda savdo uylari va shou-rumlar ochiladi, ikki davlat Tadbirkorlar kengashi tashkil etiladi hamda mintaqalararo transport yo‘laklarini rivojlantirish, ipakchilik, paxtachilik va sut mahsulotlarini qayta ishlash sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilinadi.