21-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Xitoy Eksport-import banki Boshqaruvi raisi Chen Xuayyuy bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.
Uchrashuv davomida amaldagi kelishuvlar ijrosi va yangi yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik istiqbollari, jumladan, gidroenergetika obyektlari qurilishi, qishloq xo‘jaligi sohasining barqaror rivojlanishiga va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga xizmat qiluvchi loyihalar muhokama qilindi.
2002-yildan buyon Xitoy Eksimbanki bilan hamkorlikda umumiy qiymati 3,2 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan 51 ta loyiha amalga oshirildi. Ular zamonaviy infratuzilma qurilishi, “yashil” energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarni qamrab olgan. Ayni paytda 1,9 milliard dollar qiymatidagi 2 loyiha amalga oshirilmoqda, 2,2 milliard dollar miqdoridagi 13 loyiha esa ko‘rib chiqilmoqda.
Uchrashuv yakunida telekommunikatsiya sohasida 500 million AQSh dollariga teng miqdorda qarz shartnomasi imzolandi. ISSV rahbari Laziz Kudratov loyiha tezkor va samarali amalga oshirilishining muhimligini ta’kidlab, IT sohasidagi loyihalarni Eksimbank tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi ijobiy natijalar berishiga ishonch bildirdi.