16 iyul 2025

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Bolgariyada bir qator muzokaralar o‘tkazdi

13–14-iyul kunlari O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Bolgariyada bo‘ldi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati. Tashrif doirasida Prezident Rumen Radev, Bosh vazir o‘rinbosari — transport vaziri Grozdan Karadjov, tegishli vazirliklar rahbarlari, yetakchi kompaniyalar va moliyaviy institutlar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi.

Muzokaralar markazida — Bolgariya Prezidentining iyun oyida Toshkentga qilgan tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalasi bo‘ldi. Geologiya, logistika, qurilish, energetika, raqamli transformatsiya, ekologiya va agro-sanoat kompleksi kabi ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni ishga tushirishga tomonlar o‘zaro tayyorliklarini bildirishdi.

Uchrashuvlar davomida transport bog‘liqligini rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasi masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Amaliy jihatdan muhim qadam sifatida oktyabr oyida Toshkentda Hukumatlararo komissiyaning oltinchi yig‘ilishi va biznes-forum o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Barcha tashabbuslar qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ga kiritilib, tizimli nazoratga olinadi.