08 oktabr 2024

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri ‘‘Anadolu Isuzu’’ kompaniyasi avtomobil guruhi prezidenti bilan uchrashdi

Shu yilning 7-oktabr kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Turkiyaning ‘‘Anadolu Isuzu’’ kompaniyasi avtomobil guruhi prezidenti Bora Kochak bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

‘‘Anadolu Isuzu’’ 1984-yilda tashkil etilgan. Kompaniya Turkiyaning ‘‘Anadolu Group’’ xoldingining avtobus va tijorat avtomobillari ishlab chiqaruvchi yirik shoʻba korxonalaridan biridir.

Suhbat davomida kompaniyani Oʻzbekistonda xususiylashtirish dasturida ishtirok etishga va avtomobilsozlik sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga jalb etishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, tomonlar ‘‘Anadolu Group’’ xoldingining O‘zbekistondagi boshqa tashabbuslari, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalarining joriy holatini ko‘rib chiqdilar.

Uchrashuv yakunida hamkorlikni chuqurlashtirish va turk kompaniyasining mamlakatimizdagi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha har tomonlama chora-tadbirlarni koʻrishga tayyorlik bildirildi.