“Beldersoy – Chimyon – Nanay” xalqaro mavsumiy kurortini qurish va ekspluatatsiya qilish loyiha idorasi” davlat unitar korxonasi tomonidan “Chimyon turistik zonasini qurish” loyihasi doirasida e’lon qilingan tenderda Fransiyaning “Montagne et Neige Développement” (MND) kompaniyasi g‘olib deb topilgan edi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati xabar beradi.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasining 9-yig‘ilishi doirasida “Chimyon” xalqaro umummavsumiy kurort obyektlarini qurish bo‘yicha “Beldirsoy-Chimyon-Nanay” xalqaro umummavsumiy kurortini qurish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha loyiha ofisi hamda Fransiyaning “Montagne et Neige Développement” kompaniyasi o‘rtasida shartnoma imzolandi.
Mazkur loyihani amalga oshirish natijasida mamlakatimiz aholisiga ham, xorijlik mehmonlarga ham ochiq havoda hordiq chiqarishning har xil turlarini taklif etadigan xalqaro darajadagi umummavsumiy majmua tashkil etiladi.
Loyiha doirasida dam oluvchilarni 2515 metr balandlikka ko‘tariladigan gondol tipidagi 10 kishilik oraliq osma yo‘li (maksimal quvvati – 2000 kishi/soat) va 3309 metr balandlikka chiqadigan mayatnik tipidagi 80 kishilik asosiy osma yo‘li (maksimal sig‘imi – 800 kishi/soat) quriladi. Kurort bunday inshootlarga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi eng baland nuqtaga aylanadi. Shuningdek, unda XXL Zip line, Alpine coaster, Adventure tower, Tubing, Via ferrata kabi 20 dan ortiq turdagi qishki va yozgi attraksionlar tashkil etiladi, umumiy uzunligi 20 km dan ortiq bo‘lgan turli darajadagi 11 ta chang‘i uchish joylari, 6000 nafar turistga mo‘ljallangan mehmonxona majmualari va kottejlar quriladi.
Ushbu yirik tashabbusdan ko‘zlangan maqsad xalqaro miqyosdagi umummavsumiy kurort, sayyohlik joylari va turli ko‘ngilochar attraksionlar hamda osma yollarga ega yangi turistik majmualarni qurish orqali hududning investitsiyaviy jozibadorligini yuksaltirish, Toshkent viloyatining turizm infratuzilmasini rivojlantirish, mamlakatimizning tog‘li hududlarida ommaviy sportni rag‘batlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish va yangi ish o‘rinlari tashkil qilishdir.
Natijada yiliga 3,1 million kishiga xizmat qiladigan xalqaro umummavsumiy kurort tashkil etiladi hamda 451ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.