03 mart 2025

“Sirdaryo viloyati – Pokiston” biznes-forumida sanoat va savdo sohalarida istiqbolli kelishuvlarga erishildi

Pokistonlik tadbirkorlardan iborat delegatsiya O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev hamrohligida Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurib, viloyatning tuman va shahar hokimliklari, mahalliy tadbirkorlar bilan G2B va B2B formatida biznes-forum va uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Sirdaryo, Sardoba, Sayxunobod, Yangiyer tumanlari va Guliston shahri tadbirkorlari ishtirokida o‘tkazilgan biznes-forum doirasida pokistonlik hamkorlar bilan farmatsevtika, to‘qimachilik, transport-logistika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, charm va jun mahsulotlarini qayta ishlash, yangi polietilen va ‘‘wet blue’’ teri mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha shartnomalar tuzish bo‘yicha istiqbolli kelishuvlarga erishildi.

Pokistonning yetakchi “Getz Pharma” kompaniyasi va mahalliy “Omanmed Pharm” o‘rtasida infuzion eritmalar ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan moddalarni import qilish bo‘yicha shartnoma imzolandi.

Shuningdek, joriy yilning aprel oyida Karachi shahridagi “Getz Pharma” zavodida O‘zbekistondan, jumladan, sirdaryolik 20 nafar mutaxassis uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Delegatsiya aʼzolari viloyatning Guliston, Sayxunobod va Sardoba tumanlaridagi quvvatlari toʻliq foydalanilmayotgan toʻqimachilik korxonalarida boʻlib, ularda ishlab chiqarish jarayoniga ilgʻor usullarni joriy etish, Pokistonning yetakchi toʻqimachilik korxonalarini tashqi boshqaruvchi sifatida jalb etish orqali eksport salohiyatini oshirish boʻyicha reja va vazifalar belgilab olindi.

Sardoba tumani tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan davra suhbatida mayda qoramol terisini qayta ishlash loyihasining shartlari atroflicha o‘rganilib, dastlabki muzokaralar olib borilib, sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Pokistonga eksport qilish bo‘yicha yangi shartnomalar tuzildi.

Pokistonlik ishbilarmonlarning Surxondaryo, Buxoro va Sirdaryo viloyatlariga uch kunlik ishbilarmonlik tashrifi shu bilan yakunlanib, mehmonlar o‘z vataniga jo‘nab ketdi.