Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro investitsiya forumida xususiylashtirish va davlat aktivlari: investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlar mavzusida panel muhokamasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi ISSV matbuot xizmati.
Sessiya ishida quyidagi spikerlar ishtirok etdi:
Ekspertlar xorijiy investitsiyalarni jalb etishning muhim omili sifatida davlat aktivlarini xususiylashtirishning global tajribasini muhokama qildilar. Bundan tashqari, ishtirokchilar so‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat aktivlarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini uyg‘unlashtirish orqali iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, xususiy mulkni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni muhokama qildilar. Shuningdek, ushbu sohadagi istiqbolli rejalar va mahalliy va xorijiy investorlar uchun yangi xususiylashtirish dasturining ulkan imkoniyatlari muhokama qilindi.
Muhokamalar jarayonida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqov O‘zbekistonda davlat mulklarini xususiylashtirish va bu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.
“Biz birinchi navbatda qonun ustuvorligini ta’minlashga e’tibor qaratdik. “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqib, amaliyotga joriy etildi. Mazkur qonun bozor o‘yinlarini belgilab berdi, desak bo‘ladi.
Ikkinchi qonun — “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun yangitdan ishlab chiqildi. Qonun 1991-yilda qabul qilingan bo‘lib, ma’nan eskirgan edi. Uni qaytadan tahrir qildik, 15-maydan rasman kuchga kiradi. Mazkur qonunda har bir qadam, metod, shartnomalar, xususiylashtirish kabi masalalarga izoh berib ketilgan. Bu xalqaro bozorda investorlarga qonun asosida ishlarimizni amalga oshirayotganimizni ko‘rsatadi.
Bu yilgi asosiy ishlarimiz: jarayonni tezlashtirish, xalqaro bozorga aktivlar chiqarishni ko‘paytirish. Shu yilning o‘zida 250 davlat ulushlari bor korxonalar, mingdan dan ortiq binolar sotuvga chiqariladi”, — dedi Akmalxon Ortiqov.
Bundan tashqari, 2024-yilda 1030 ta davlat koʻchmas mulk obyektlari, shuningdek, 6098 gektar yerni xususiylashtirish rejalashtirilgan.
Xalqaro Moliya Korporatsiyasi mintaqaviy direktori Viebke Shloyemer O‘zbekistonda xususiylashtirish jarayonlarida qonunlarni takomillashtirish borasidagi ishlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirib o‘tdi.
Franklin Templeton kompaniyasining xususiy kapital direktori Tek Xoan Ongning aytishicha, oddiy fuqarolarga ham aktivlarni sotish kerak, ular ham bundan foydalanishi lozim.