Mamlakatimizning Kuala-Lumpurdagi elchixonasi Eksimbank va Malayziya Janub-Janub assotsiatsiyasi (MASSA) bilan hamkorlikda O‘zbekistonning sarmoyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan biznes-forum tashkil etdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Malayziya Eksimbankining asosiy vazifalari tovarlar va xizmatlar eksporti va importini moliyalashtirish va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, istiqbolli investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun kredit liniyalarini taqdim etishdan iborat. Bundan tashqari, bank eksportni sug’urtalash, eksportni moliyalashtirish va xorijiy investitsiyalarni sug’urtalash xizmatlarini ko’rsatadi. Bu bank Malayziya Moliya vazirligiga bo’ysunuvchi tashkilotdir. Bank mijozlari iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida faoliyat yurituvchi yirik korporatsiyalar, kichik va o‘rta biznes vakillari, xorijiy hukumatlar va xorijiy kompaniyalardir.
Malayziya janub-janub assotsiatsiyasi – MASSA 1991-yilda Malayziyaning sobiq bosh vaziri Mahathir Mohamad boshchiligidagi delegatsiyaning Lotin Amerikasiga muvaffaqiyatli biznes missiyasi natijasida tashkil etilgan. Tashkilot rivojlanayotgan mamlakatlar va rivojlanayotgan bozorlarda biznes imkoniyatlarini izlashga qiziqqan malayziyalik ishbilarmonlardan iborat.
Biznes-forumda Malayziyaning 80 ga yaqin kompaniyasi va ishbilarmon doiralari vakillari, shuningdek, Malayziya Xalqaro savdo va sanoat vazirligi, Malayziya tashqi savdoni rivojlantirish korporatsiyasi va Malayziya sarmoyalarni rag‘batlantirish agentligi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sayyohlik salohiyatining kengaytirilgan taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimotda Malayziya tomoniga 2022-2026-yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi, milliy iqtisodiyotning jadal rivojlanishi va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi o‘rni, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, zamonaviy iqtisodiyotning lokomotivi bo‘lgan xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar va ularni huquqiy qo‘llab-quvvatlash haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni bilan atroflicha tanishtirildi.
Biznes-forumda Malayziya kompaniyalarini mamlakatimizga jalb etish, qo‘shma sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish va O‘zbekiston mahsulotlarini Malayziyaga eksport qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha Malayziya Eksimbanki va O‘zbekiston “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki o‘rtasida o‘zaro hamkorlik istiqbollari, Malayziya Eksimbanki rahbariyatining ishtirokini muhokama qilish maqsadida onlayn uchrashuv o‘tkazish, joriy yilning oktabr oyida oʻtkazilishi rejalashtirilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi hamda Malayziya kichik va oʻrta korxonalar xalqaro savdo assotsiatsiyasi (SME xalqaro savdo assotsiatsiyasi – SMITA) va Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, tomonlar Malayziyaning “UMW Holdings” kompaniyasi bilan hamkorlikda mamlakatimizda motor moylari va moylash materiallarini ishlab chiqarish, “GTG Manufacturing” kompaniyasi tomonidan PVX izolyatsiyasi, polietilen himoya va alyuminiy folga lentalari ishlab chiqarish, elektron shaxsiy guvohnomalar ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganadi.