04 iyun 2025

O‘zbekiston viloyatlari bilan Eronning Guliston viloyati o‘rtasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalar o‘rnatilmoqda

O‘zbekiston elchisi Fariddin Nasriev Eronning Guliston viloyatining Go‘rgan shahrida bo‘lib o‘tgan biznes-forumga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Tadbir Guliston Savdo-sanoat, tog‘-kon va qishloq xo‘jaligi palatasi binosida bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdu Ali Kian Mehr, viloyat Savdo-sanoat, konchilik va qishloq xo‘jaligi palatasi raisi Amir Yusufiy, viloyatdagi yetakchi ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi.

Forumda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijlik tadbirkorlarga yaratilayotgan imtiyoz va qulay shart-sharoitlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Shuningdek, ishtirokchilarga Xorazm viloyatining Xazorasp tumanida joylashgan Eron ishlab chiqaruvchilari uchun tashkil etilgan erkin iqtisodiy zona, ushbu hududda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumotlar berildi.

Biznes-forum yakunlari bo‘yicha manfaatdor tadbirkorlar O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif etildi.

Tashrif doirasida viloyatdagi yetakchi kompaniyalar bilan B2B formatida uchrashuvlar ham o‘tkazildi.