Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligining Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar beradi.
Qonun loyihasi bilan intellektual mulk sohasidagi tegishli qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, intellektual mulk obyektlarini ro‘yxatga olish jarayonlarida ortiqcha qog‘ozbozlik va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarini soddalashtirish maqsadida tovar belgisi, tovar kelib chiqqan joy nomi va (yoki) tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi to‘g‘risidagi guvohnomalarini berish muddati 10 kundan bir kunga qisqartirish belgilanmoqda.
Shu bilan birga, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun o‘rnatilgan davlat boji miqdorini O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari ta’sischiligida tashkil etiladigan tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun belgilangan davlat boji miqdori bilan bir xil etib belgilash nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi milliy qonunchilikni JST bitimlari talablariga muvofiqlashtirish, O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlarning jismoniy va yuridik shaxslariga bir xil shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirdi. Xususan, deputat O‘ktam Islomov “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilayotgan o‘zgarishlarda rezidentlar va norezidentlarga boj miqdori bir xil qilingani, buning natijasida rezidentlarga bugungi kunda amalda bo‘lgan stavkalar qariyb ikki martaga oshayotganini bildirdi va bunga asos bor yoki yo‘qligini so‘radi.
Qonun tashabbuskorlari ushbu savolga javob berar ekan, korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda davlat bojining birxillashtirilayotganini qayd etdi. Ya’ni oldin chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun BHMning 10 baravari miqdorida davlat boji undirilgani, o‘zimizning rezidentlar, ya’ni jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tashkil etilgan korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun esa BHMning 1 baravari miqdorida davlat boji undirilganini bildirdi. Bu talab Jahon savdo tashkiloti bitimlariga zid bo‘lgani sababli, uni unifikatsiya qilib barchaga nisbatan BHMning bir barobari miqdorida davlat boji undirilishini ta’kidlab o‘tdi.
Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.