Senatning Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasining majlisida Davlat aktivlarini boshqarish agentligining iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish hamda xususiylashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisoboti dastlabki tarzda eshitildi, deb xabar bermoqda Senat matbuot xizmati.
Senatorlar muhokama davomida so‘nggi yillarda iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, davlat mulkini xususiylashtirish orqali xususiy sektor ulushini oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish, samarasiz ishlayotgan hamda istiqbolsiz korxonalarni tugatish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.
Xususan, 2021-yildan buyon ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan 500 dan ziyod xo‘jalik jamiyatlari va davlat unitar korxonalari, 3,4 mingga yaqin ko‘chmas mulk obyektlari xususiylashtirilgan, 1 027 ta korxona tugatilgan va 964 tasi qayta tashkil etilgan.
Shuningdek, 2021–2024-yillarda davlat aktivlarini xususiylashtirish natijasida 35,8 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
O‘tgan 2024-yilning noyabr oyida ilk bor “Xalqchil IPO” dasturi doirasida Respublika tovar-xomashyo birjasining 3 milliondan ortiq aksiyalari aholiga sotilib, qariyb 11 ming kishi aksiyadorga aylangan.
Hududlarda davlat aktivlaridan samarali foydalanib, mahalliy byudjetga tushumni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar ham o‘z samarasini bermoqda.
Jumladan, 2021-2024-yillarda bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulki obyektlarini ijaraga berish hisobiga qariyb 1,4 trln so‘m miqdorida tushumlar taʼminlanib, ularning 245,1 mlrd so‘mi mahalliy byudjetlarga yo‘naltirilgan.
Tadbirkorlarga yana-da qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar samarasi o‘laroq xususiy sektorga 50 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilgan.
Majlis davomida senatorlar davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan korxonalarning yarmi zarar ko‘rib ishlayotgan, faoliyatsiz va tugatish jarayonida ekanligini qayd etdi.
Ushbu korxonalarning asosiy qismi Toshkent va Qashqadaryo viloyatlari hamda Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi.
Senatorlar masʼul idoralarga davlat mulkini xususiylashtirishda boshlang‘ich narxni pasaytirish mexanizmlarini o‘z vaqtida qo‘llamaslik, sotib olingan davlat aktivlarida investitsiya majburiyatlarini bajarmaslik kabi holatlarning oldini olish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini berdi.
Majlis yakunida Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.