O‘zbekiston elchisi Ravshanbek Alimov Maryam viloyati gubernatori Begenchmirat Orazov bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Uchrashuvda O‘zbekiston hududlari va Maryam viloyati o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Xususan, O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati bilan Turkmanistonning Maryam viloyati o‘rtasida qardosh shahar munosabatlari yo‘lga qo‘yilgani, shuningdek, Maryam viloyati gubernatori boshchiligidagi delegatsiyaning Surxondaryoga tashrifi tashkil etilgani ikki davlat o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikni rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shishi ta’kidlandi.
Joriy yilda O‘zbekistonda “O‘zbekiston-Turkmaniston” mintaqalararo forumini, shuningdek, Buxoro va Toshhovuz shaharlarida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida qo‘shma biznes-forumlarni o‘tkazishga hamkorlikda tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Turkmaniston Sanoatchilar va tadbirkorlar uyushmasi Mari viloyati bo‘limida mahalliy tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ikki davlat ishbilarmonlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, sanoat va agrotexnologik kooperatsiya loyihalarini ishlab chiqish, savdo aloqalarini faollashtirish orqali hududlararo hamkorlik samaradorligini yanada oshirish istiqbollari belgilab olindi.
Turkmaniston ishbilarmon doiralari vakillarining barcha savollariga o‘zbek diplomati batafsil javob va tushuntirishlar berdi.