O‘zbekiston Bosh konsulxonasida «Alokozay FZE» kompaniyasi rahbari Abdul Raxman Alokozay bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv davomida 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, respublikamizdagi investitsiya muhiti va xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, taqdim etilayotgan imtiyoz hamda preferensiyalar haqida batafsil so‘zlab berildi. Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afg‘oniston bozorlariga chiqish uchun qulay transport infrastrukturasi hamda MDH bozorlariga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan kirishda bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar alohida taʼkidlandi.
Abdul Raxman Alokozay O‘zbekistonda ro‘y berayotgan iqtisodiy o‘zgarishlarni yuqori baholadi. «Kompaniyamiz O‘zbekiston ishbilarmon doiralari vakillari bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor. O‘zbekistonning qulay geografik joylashuvi qo‘shni mamlakatlarga mahsulot eksport qilishda o‘ziga xos xab vazifasini bajaradi», – dedi u.
Uchrashuv yakunida hamkorlikda amalga oshiriladigan qo‘shma investitsiyaviy loyihalarini kelishish maqsadida kompaniya xodimlarining O‘zbekistonga biznes missiyasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.