O‘zbekiston elchixonasida Malayziyaning ‘‘TNB Power Generation Sdn. Bhd.’’ (‘‘TNB Genco’’) kompaniyasining rivojlanish masalalari bo‘yicha direktori Shaxrir Abdul Latif bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda ‘‘Dunyo’’ AA muxbiri.
‘‘TNB Genco’’ Malayziyadagi eng katta energiya ishlab chiqarish quvvatiga ega. 2023-yilda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 51,1 foizi ushbu kompaniya hissasiga to‘g‘ri keldi.
Uchrashuvda O‘zbekiston energetika sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Qayta tiklanadigan energiya, ayniqsa, shamol va gidroenergetika sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilish uchun qator imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.
Shuningdek, elektr energiyasini uzatish, taqsimlash va iste’molchilarga yetkazib berish, elektr stansiyalariga muhandislik-texnik ta’minot ko‘rsatish sohasidagi hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Malayziya tomoni bugungi kunda O‘zbekiston yashil energiya sohasida katta imkoniyatlarga ega ekanligini e’tirof etdi. Ta’kidlanganidek, taqdim etilgan takliflar korxona mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, natijalari bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinadi.
‘‘TNB Genco’’ 2019-yilda ‘‘Tenaga Nasional Berhad’’ tomonidan tashkil etilgan. Malayziyada kompaniya 3 ta gidroelektr stansiyasi, 6 ta gaz-turbinali elektr stansiyasi va 3 ta koʻmir elektr stansiyasi, shuningdek, 2 ta port terminaliga ega. Ularda 3400 dan ortiq xodim ishlaydi. Kompaniya Pokiston, Quvayt, Saudiya Arabistoni va Buyuk Britaniyada shamol va quyosh elektr stansiyalarini boshqaradi.