Joriy yilning 29-may kuni ISSVda Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori Mansur Rasulev Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligi Savdo siyosati departamenti bosh direktori Kamilla Melander boshchiligidagi ushbu mamlakat ishbilarmon doiralari delegatsiyasi bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.
Tomonlar sanoat, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi va geologiya sohalariga alohida e’tibor qaratgan holda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini muhokama qildilar. O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, shved potentsial investorlarini mamlakatimizga jalb etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar kelishib olindi.
Shvetsiyalik tadbirkorlarga O‘zbekistonning salohiyatini to‘la namoyon etuvchi, mamlakatimizning iqtisodiy imkoniyatlari, sarmoyaviy va eksport salohiyati uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma investisiya loyihalarini yanada har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish va yangi tashabbuslarni amalga oshirishga o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirdilar.