5-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov Vyetnam Sotsialistik Respublikasi sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Phan Txi Thang bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Suhbat chog‘ida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Xususan, Vyetnamning “Mareven Food Holdings” yirik kompaniyasi tomonidan Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va “ROX Group” tomonidan ko‘p funksiyali turar-joy majmualarini qurish bo‘yicha muvaffaqiyatli hamkorlik qilinayotgani ta’kidlandi. Energetika, geologiya, transport va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan Savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi imzolandi. Hujjatda joriy yilning uchinchi choragida Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Vyetnam hukumatlararo komissiyasining sakkizinchi yig‘ilishini o‘tkazish, shuningdek, turli darajadagi tashriflarga tayyorgarlik ko‘rish masalalari nazarda tutilgan.