12 mart 2025

Buyuk Britaniyaning yetakchi investitsiya xoldinglaridan biri O‘zbekiston bozoriga kirish niyatida

O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Britaniyaning yetakchi investitsiya xoldinglaridan biri “United Green Group” investitsiya bo‘yicha direktori Albrext Frishenshleyger bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

20-asr boshlarida Buyuk Britaniyada tashkil etilgan United Green Group hozirda energetika, avtomobilsozlik, savdo, koʻchmas mulk, qishloq xoʻjaligi va tijorat sohalarida faoliyat yurituvchi yirik strategik sarmoyaviy guruh hisoblanadi. Xolding o‘zining katta tajribasi, innovatsion yondashuvi va keng ko‘lamli faoliyati tufayli xalqaro miqyosdagi ko‘plab loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda. Kompaniyaning bosh qarorgohi Londonda joylashgan.

Suhbat chog‘ida Britaniya tomoni ‘‘United Green Group’’ xoldingi O‘zbekiston bilan sarmoyaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini alohida ta’kidladi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ‘‘United Green Group’’ bilan O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari o‘rtasida hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilash maqsadida ishchi aloqalarni o‘rnatish bo‘yicha kelishuvga erishildi.