16 iyun 2025

Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo hamkorligi: Samarqand sammitidan keyingi yo‘l

Toshkent xalqaro investitsiya forumining 2025-yilgi dasturida “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo hamkorligi: Samarqand sammitidan keyingi yo‘l” mavzusiga bag‘ishlangan panel muhokamasi o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.

‘‘EUROUZ’’ bosh kotibi Oybek Shayxov moderatorlik qilgan muhokama davomida Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston bilan uzoq muddatli investitsiya aloqalari, strategik tarmoqlardagi investitsiya tashabbuslari va ularni amalga oshirish jarayonlari muhokama qilindi. ‘‘REE Linde’’ biznes-prezidenti Shteffen Rixter O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar uchun muhit sezilarli darajada yaxshilanganini ta’kidladi.

Tadbirda 2025-yil aprel oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo birinchi sammitida erishilgan kelishuvlar doirasida strategik darajaga ko‘tarilgan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha qadamlar muhokama qilindi.

Yevropa investitsiya bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha kreditlashtirish bo’yicha mutaxassisi Davide Monguzzi YIB mintaqaga faolroq kirib borayotgani sababli, boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham bankning mintaqaviy vakolatxonasi ochilishi kutilayotganin ma’lum qildi. Samarqanddagi sammitda vakolatxona ochish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi.

Biz Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlarda oldinga siljish bo’layotganini kuzatmoqdamiz. Bunga mintaqadagi ichki o‘zgarishlar tufayli erishildi, bu esa uni xalqaro hamkorlar uchun tobora jozibador qilmoqda. Bu, o‘z navbatida, Yevropa Ittifoqi va AQShning strategik mavqega ega mintaqaga e’tiborini kuchaytirishga xizmat qiladi, – dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar.

‘‘EDF Central Asia’’ bosh direktori Pierre Paul Antheunissens Fransiyaning ‘‘EDF’’ kompaniyasi tuzilmasi haqida so’zlar ekan, ular nafaqat kuzatuvchilar, balki Yevropa energiya bozorida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarning ishtirokchilari ekanligini ham qo‘shimcha qildi. Shuningdek, u Yevropa Ittifoqining integratsiyalashgan elektr energiyasi bozorining asosiy maqsadlari bilan o‘rtoqlashdi:

  1. Raqobatni kuchaytirish orqali elektr energiyasining arzonligini ta’minlash.
  2. Iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib beruvchini o‘z mamlakatidan tashqarida ham tanlash imkoniyatini berish.
  3. Energiya ta’minotining barqarorligi va ishonchliligini oshirish.

Yevropadagi kalit so‘z – bog‘liqlik. «Bog‘liqlik» Yevropaning barcha energetika tarmoqlari to‘liq integratsiyalashganini anglatadi. Yevropa davlatlari o‘rtasida bir kun – bir soat ham elektr energiyasini sotib olish, sotish yoki uzatishsiz o‘tmaydi. Bu Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ham mo‘ljal bo‘lishi mumkin. Biz Tojikiston hududida O‘zbekistonda 100 foiz iste’mol qilinadigan gidroenergiya ishlab chiqarish loyihasiga jalb qilinganmiz. ‘‘EDF’’ har ikki davlatning energetika vazirliklari bilan birgalikda loyiha ustida faol ish olib bormoqda. Loyihani boshqarish uchun Dushanbeda qo‘shma korxona allaqachon tashkil etilgan. Shunday qilib, Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo mamlakatlarini ilhomlantirishga qodir model bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Bu bog‘liqlikning turli shakllariga – raqamli yoki transportga taalluqli bo‘lishi mumkin, ammo mintaqa davlatlarining yaqin kelajakka strategik rejalashtirish uchun kuchli tayanch bo‘ladigan mintaqaviy energiya bozorini yaratish ayniqsa muhimdir, – deya qo‘shimcha qildi Pierre Paul Antheunissens.

‘‘Suez’’ kompaniyasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Pol Burdiyon O‘zbekistonda kadrlar tayyorlash borasida jiddiy salohiyat mavjudligini qayd etdi va mahalliy jamoalarni suv resurslarini boshqarishning xalqaro standartlariga muvofiq rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

Biz suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlarida ishlaydigan mahalliy jamoalarni faol ravishda o‘qitmoqdamiz, ular bilan ushbu tizimlarni samarali boshqarish va modernizatsiya qilish uchun xalqaro tajriba va bilimlarni o‘rtoqlashmoqdamiz. Maqsadimiz – O‘zbekiston suv va oqava suvlarni boshqarish sohasida namuna bo‘lsin. Gap faqat texnologiyalarda emas – inson kapitali bunday loyihalarning muvaffaqiyatida muhim rol o‘ynaydi, – dedi Pol Burdiyon.

Shteffen Rixter, shuningdek, O‘zbekiston keng ko‘lamli davlat islohotlarini, mamlakatning muvaffaqiyatli transformatsiyasini va ko‘plab jozibador investitsiya imkoniyatlarini namoyish etayotganini qo‘shimcha qildi.

Tadbir 2025-yildan keyingi davrda Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo munosabatlarining yangi bosqichiga yo‘l ochadigan muhim platformaga aylandi.