Kuni kecha O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Misrning “Al-Nasr Export-Import” kompaniyasi rahbarlari o‘rtasida Misrda o‘zbek kompaniyalari mahsulotlarini tarqatish markazi va savdo uyi ochish bo‘yicha kelishuv imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Mazkur kelishuv O‘zbekiston bilan Misr o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, ishbilarmonlik hamkorligini kengaytirishga xizmat qiladi.
Tomonlar o‘zbek tovarlari uchun bir yoki bir nechta savdo uylarini ochish, shuningdek, Misrda, xususan, Port Said va boshqa mintaqalarda har ikki tomon uchun maqbul shartlarda tarqatish markazi va ishlab chiqarish kooperatsiyasini tashkil etish orqali o‘zaro savdoni rivojlantirishga kelishib oldilar.
Ta’kidlash joizki, mazkur savdo-distributor markazlari orqali O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlariga eksport qilish rejalashtirilgan.
Tomonlar, shuningdek, ikki davlatdagi tovar va xizmatlar bozori holati to‘g‘risida, bir yoki ikkala davlatga investitsiya kirituvchi va faoliyat yuritayotgan kompaniya, korxona va tashkilotlar uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlarni almashishga kelishib oldilar. Bitimni faol targ‘ib qilish uchun ishchi guruh tuzildi.
Yaqin kunlarda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi delegatsiyasining Misrga tashrifi kutilmoqda, Port Said erkin iqtisodiy zonasida mamlakatimiz kompaniyalari uchun alohida maydon ajratilishi ko‘zda tutilgan.