07 may 2025

O‘zbekistonning Belarus, Isroil, Hindiston, Qatar va Quvaytdagi elchilari Qashqadaryo viloyati hukumati vakillari va tadbirkorlari bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

O‘zbekistonning Belarus, Isroil, Hindiston, Qatar va Quvaytdagi elchilari Rahmatulla Nazarov, Jahongir Aminov, Sardor Rustamboyev, Ashraf Xo‘jayev va Ayubxon Yunusovlar amaliy tashrif bilan Qashqadaryo viloyatida bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Tashrif chog‘ida viloyatning savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va sayyohlik salohiyati o‘rganilib, istiqbolli yo‘nalishlarda xorijiy investorlarni taklif etish, qo‘shma loyihalarga xorijiy hamkorlarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Diplomatlar Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov bilan uchrashib, xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni faollashtirish uchun mavjud imkoniyatlar, infratuzilma va logistika sharoitlar haqida ma’lumot berdi. Ayni paytda Qashqadaryo viloyatida Belarus bilan poyabzal, sharbatlar, kiyim-kechak, sut mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Hindiston bilan farmatsevtika, nanotexnologiya va elita urug‘lari ishlab chiqarish sohalarida hamkorlik kengaymoqda. Quvayt kompaniyalari bilan neft-kimyo sohasida umumiy qiymati 850 million dollarlik ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Isroil bilan farmatsevtika, axborot texnologiyalari va aqlli qishloq xo‘jaligi, Qatar bilan esa baliqchilik, cho‘l turizmi va chorvachilik sohalarida loyihalarni amalga oshirish muhokama qilinmoqda.

Qashqadaryo viloyati bilan xorijiy davlatlar o‘rtasida sarmoyaviy hamkorlik va savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish, ta’lim, turizm va qishloq xo‘jaligi sohalarida dasturlarni amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Safar davomida O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari rahbarlari viloyatdagi tadbirkorlar bilan ham uchrashib, Qashqadaryoda ishlab chiqarilayotgan va yetishtirilayotgan mahsulotlarni xorijiy davlatlarga eksport qilish hajmini yanada oshirish, yangi bozorlar topish, savdo uylarini tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Qashqadaryolik tadbirkorlar o‘z mahsulotlari va xizmatlari taqdimotini o‘tkazdi. Uchrashuv yakunida hamkorlik qilish va mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorga eksport qilishni ko‘paytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.