O‘zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov Dyor shahriga xizmat safari bilan borib, u yerda yirik “Leier” qurilish kompaniyasida bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Kompaniya egalaridan biri Mattias Ebner bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi, unda sarmoyaviy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istiqbollari muhokama qilindi.
Vengriya tomoniga O‘zbekistonning eksport salohiyati, xususan, Yevropa standartlariga javob beradigan qurilish materiallari ishlab chiqarish haqida ma’lumot berildi. Oʻrganish uchun mahalliy eksport qiluvchi korxonalarning tijorat takliflari ham taqdim etilgan.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati va Qoraqalpog‘istonda ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu istiqbolli loyihani mazmunli muhokama qilish uchun yaqin vaqt ichida ‘‘Leier’’ kompaniyasi vakillarining O‘zbekistonga tashrifi tashkil etiladi.
‘‘Leier’’ – Vengriyada qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi va sotuvchi kompaniya. 1965-yilda avstriyalik Maykl Lir tomonidan oilaviy kompaniya sifatida tashkil etilgan. ‘‘Leier’’ seramika va yengil beton devor konstruksiyalari, temir-beton konstruksiyalar, er osti tizimlari, kimyoviy tizimlar, tashqi qoplamalar, bog‘ qurilish elementlari va atrof-muhit tizimlarini o‘z ichiga olgan keng turdagi mahsulotlarni ishlab chiqaradi. Kompaniyaning Avstriya, Vengriya, Polsha, Slovakiya, Ruminiya, Xorvatiya va Ukrainada 40 ga yaqin zavod va idoralari mavjud bo‘lib, ularda 2000 dan ortiq kishi ishlaydi.