18 iyul 2024

O‘zbekiston va Polsha biznes vakillari hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab oldilar

Oʻzbekiston ishbilarmonlar delegatsiyasining Polshaga tashrifi doirasida mamlakatimiz elchixonasida “Polsha-Osiyo” savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatiga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi ‘‘Dunyo’’ axborot agentligi muxbiri.

Tadbirda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari, xususan, “EXIMMED”, “Al Af Expedition” va “Resources” (O‘zbekiston), shuningdek, “Ferro”, “AT.Trading” (O‘zbekiston), shuningdek, ‘‘Polfrost”, “Jaeger”, “Technomex”, “Simed” va “ACTION” (Polsha) kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi. .

Tadbirni O‘zbekiston Elchisi Amirsaid Ag‘zamxo‘jayev ochar ekan, o‘zaro manfaatli O‘zbekiston-Polsha hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlarini qayd etib, sarmoyaviy sheriklik va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi. Ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.

“Polsha-Osiyo” Savdo-sanoat palatasi prezidenti Yanush Pixotsinski o‘z nutqida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlashga e’tibor qaratib, so‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 3 barobar oshganini ta’kidladi.

Tadbir davomida ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, savdo aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Polsha kompaniyalari texnologik ishlanmalarni O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etdi. Mamlakatimiz ishbilarmon doiralari vakillari Polsha tajribasidan foydalanishga, yuqori malakali mutaxassislar bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Davra suhbati doirasida B2B formatida o‘tkazilgan muzokaralar natijasida O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini Polshaga eksport qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Bundan tashqari, Polshaning Polforst kompaniyasi bilan birgalikda Polshada mahsulot logistikasi, ekspozitsiya, omborxona, sotish va butun Yevropa bo‘ylab tarqatishni ta’minlaydigan O‘zbekiston savdo uyini ochish masalasi ko‘rib chiqildi.

Transport-logistika masalalarini hal etish uchun O‘zbekistonda Polsha kompaniyalarining vakolatxonalarini ochish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston va Polsha tadbirkorlari o‘rtasidagi muloqot ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi. Har ikki tomon vakillari hamkorlik aloqalarining yanada kengayishi va mustahkamlanishiga ishonch bildirdilar.