O‘zbekiston Bosh konsulligi Turk dunyosi ishbilarmonlari uyushmasi (TÜDİAD) va Kojaeli ishbilarmonlar uyushmasi (KOVİAD) bilan hamkorlikda Kojaeli shahrida ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Tadbirda Turkiyaning taniqli davlat va jamoat arboblari, mahalliy hokimiyat organlari, savdo-sanoat palatalari vakillari, turli uyushma va kompaniyalar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Ular orasida Turkiyaning Yevropa Ittifoqi ishlari bo‘yicha sobiq vaziri yordamchisi Alaattin Buyukkaya, Izmit tumani gubernatori Yusuf Ziya Chelikkaya, Kojaeli Savdo-sanoat palatasi raisi Nejmi Bulut, TÜDİAD raisi Chengiz Argat, O‘zbekiston Kooperativ jamiyati va Chokaylilar jamiyati raisi boshqalar.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Bosh konsulligi vakillari mamlakatimiz bilan Turkiya o‘rtasidagi barqaror sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladilar. Kojaelining sanoat salohiyati va O‘zbekistonning sarmoyaviy imkoniyatlari, erkin iqtisodiy zonalari, iqtisodiy islohotlar samaralari qayd etildi.
Ishtirokchilar e’tiborini mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga qaratdi.
Tadbirda Turkiyaning “Eczacıbaşı”, “Chalik Holding”, “Coca-Cola”, “Ziraat Bank”, “Chengiz” va boshqa kompaniyalarining mamlakatimizdagi muvaffaqiyatli tajribasi ham muhokama qilindi.
Ishtirokchilarning fikricha, mazkur uchrashuv ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni ko‘paytirishga xizmat qiladi.