O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziya biznes vakillari ishtirokida mamlakatimiz sarmoyaviy salohiyati taqdimotini o‘tkazdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Taqdimotda Malayziyaning turli sohalarda faoliyat yuritayotgan qator kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda Malayziya tomoniga mamlakatimizda sarmoyaviy va ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar, ularning g‘oyalarini amalga oshirishda O‘zbekiston hukumati tomonidan investorlarning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, oʻzaro savdoni rivojlantirish maqsadida Malayziyaga meva-sabzavot, boshqa oziq-ovqat mahsulotlari, rangli metallardan tayyor mahsulotlar, toʻqimachilik, kiyim-kechak va kimyo mahsulotlarini eksport qilish boʻyicha salmoqli salohiyat namoyish etildi.
Taqdimot chog‘ida ‘‘Suntec Hub Sdn Bhd’’ rahbari, doktor Samanta Koh mamlakatimizda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar va O‘zbekistonda iqtisodiy faoliyatni yo‘lga qo‘yish imkonini beruvchi biznes uchun yaratilgan sharoitlar haqida gapirdi.
Bundan tashqari, “Maeia International Sdn Bhd” va “Raaquu Ceramics” kompaniyalari rahbarlari mamlakatimiz tadbirkorlari bilan yaqindan hamkorlik qilish imkoniyatlarini o‘rganishlarini ta’kidladilar.
Tadbir yakunida Malayziya kompaniyalari vakillarining O‘zbekistonga tashrifi, Xivada bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Malayziya biznes forumida ishtirok etish, mahalliy korxonalar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar olib borish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.