12 iyun 2025

O‘zbekiston Prezidenti Qozog‘iston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi tadbirlarida ishtirok etayotgan Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenovni qabul qildi, deb xabar qilmoqda davlatimiz rahbari matbuot xizmati.

Uchrashuv avvalida Oljas Bektenov davlatimiz rahbariga Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlar doirasida O‘zbekiston-Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Tovar ayirboshlash barqaror ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Avtosanoat, elektrotexnika, to‘qimachilik, metallurgiya, farmatsevtika, qurilish, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

O‘zaro savdoni ko‘paytirish va ustuvor tarmoqlarda, shu jumladan hududlar darajasida sanoat kooperatsiyasining uzoq muddatli dasturini shakllantirish bo‘yicha ikki mamlakat hukumatlari tomonidan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ko‘rilishi muhim ekani qayd etildi.