Toshkent investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Kasimaliyevni qabul qildi, deb xabar bermoqda davlatimiz rahbari matbuot xizmati.
Suhbat avvalida Adilbek Kasimaliyev davlatimiz rahbariga Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Energetika va transport kommunikatsiyalaridagi yirik mintaqaviy loyihalarni, shu jumladan Qambarota GES-1 va «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishini jadallashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Joriy yilda o‘tkaziladigan Hukumatlararo komissiya va Hududlar rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishlarini samarali tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.