O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Nokerguli Ataguliyevni qabul qildi, deb xabar beradi davlatimiz rahbari matbuot xizmati.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Savdo-iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya, energetika, suv xo‘jaligi sohalarida keng ko‘lamli hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiyani kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bo‘lajak Hududlar forumi hamda qator qo‘shma ishbilarmonlik va madaniy tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhim ekani ta’kidlandi.