Prezidentning 19.04.2024 yildagi “Davlat mulkini boshqarish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yuqotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi PF-67-son farmoni qabul qilindi
Hujjat bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi:
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining munisipal mulkni sotish bo‘yicha vakolatlarini belgilash. Endi ularga munisipal mulkni sotish to‘g‘isida qarorlar qabul qilish huquqi berildi. Ilgari yuqorida ko‘rsatilgan shaxslarga davlat mulki bo‘lgan nostrategik ob’ektlarni sotish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish huquqi berilgan edi. Tegishli o‘zgarish 17.01.2017 yildagi PF-4933-son farmoniga kiritildi;
- erkin iqtisodiy zonalar, kichik sanoat zonalari, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari hududidagi yer uchastkalarini sotishdan tushgan mablag‘larni Qoraqalpoq Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘apmalapiga hamda Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirish. O‘zgarish va qo‘shimchalar 21.12.2018 yildagi PF-5600-son, 13.06.2022 yildagi PF-153-son farmonlariga kiritildi;
- davlat aktivlari, jumladan yer uchastkalarining boshlang‘ich narxini pasaytirish va to‘lovlarni amalga oshirishda investorlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish. Tegishli o‘zgarish va qo‘shimchalar 19.02.2019 yildagi PF-5666-son, 08.04.2022 yildagi PF-101-son farmonlariga kiritildi.
- davlat mulkini jismoniy va nodavlat yuridik shaxslarga sotish, shuningdek, ijaraga va ishonchli boshqaruvga berishni ommaviy savdolar orqali amalga oshirish. O‘zgarish 19.02.2019 yildagi PF-5666-son farmoniga kiritildi.
Shuningdek, Farmon bilan Davlat aktivlarini boshqarish agentligining asosiy vazifalari yangi tahrirda bayon etildi. Tegishli o‘zgarish 14.01.2019 yildagi PF-5630-son farmoniga kiritildi.
Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasi Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat komissiyasi deb qayta nomlandi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 27.04.2024 yildan kuchga kirdi.
Manba: https://www.norma.uz/uz/qonunchilikda_yangi/davlat_mulkini_boshqarish_nimalar_uzgardi