Toshkentda Vengriya kompaniyalari uchun sanoat zonasi qurilishi boshlanadi. Bu masala O‘zbekiston Prezidentining oktabr oyida Budapeshtga tashrifi chog‘ida muhokama qilingan edi. «Texnopark» negizida tibbiy asbob-uskunalar, elektronika va butlovchi qismlarni birgalikda ishlab chiqarish masalasi ham ishlab chiqiladi.
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev 30-dekabrdagi qarori bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oktabr oyida Vengriyaga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqladi. Hujjat Prezident Administratsiyasining 23-dekabrdagi farmoyishi asosida qabul qilingan.
“Yo‘l xaritasi” Vengriya kompaniyalari uchun barcha zarur infratuzilmaga ega alohida sanoat zonasini barpo etishni nazarda tutadi. 2023-yilning birinchi choragi yakuniga qadar sanoat zonasi uchun joy belgilab, uni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish, so‘ngra xorijiy tomon bilan muhokama qilish topshirildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning oktyabr oyi boshida Vengriya kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuvi chog‘ida faqat vengriya kompaniyalari uchun alohida sanoat zonasi ajratish, uni barcha zarur ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan ta’minlash taklif qilingani haqida avvalroq xabar berilgan edi.
Shu bilan birga, yaqin vaqt ichida ustuvor loyihalarni moliyalashtirish uchun qo‘shma jamg‘arma tashkil etilishi e’lon qilindi.
Qarorda hokimga Texnopark infratuzilmasi negizida tibbiy asbob-uskunalar, elektronika, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar qoʻshma ishlab chiqarishni tashkil etish masalasini ham ishlab chiqish topshirildi. Yanvar oyida muzokaralar uchun Toshkentga taklif qilinadigan vengriyaning potentsial ishlab chiqaruvchilari ro‘yxati shakllantiriladi.
Hujjatga ko‘ra, 2023-2024-yillarda O‘zbekistondan Vengriya kompaniyalariga 1 million dollarlik trikotaj mahsulotlari, 1 million dollarlik ip-kalava, 3,1 million dollarlik quritilgan meva va sabzavotlar va 3,1 million dollarlik polietilen granulalar yetkazib berish rejalashtirilgan.