16 iyun 2025

O‘zbekiston va Germaniya investorlari va ishbilarmon doiralari kengashining davra suhbati bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi muvofiqlashtiruvi ostida tashkil etilgan TXIFning so‘nggi kunida O‘zbekiston va Germaniya Investorlar va ishbilarmonlar kengashi ko‘magida panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda ISSV matbuot xizmati.

Ishtirokchilar ikki mamlakat o‘rtasida kengayib borayotgan iqtisodiy hamkorlik, o‘zaro manfaatli sheriklik imkoniyatlari, ikki tomonlama savdo hajmining o‘sishi va istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildilar.

«Olmaliq KMK» AJ boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov OKMKni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish doirasida uchinchi mis boyitish fabrikasi qurilishi yakunlanayotgani bilan o‘rtoqlashdi. Ushbu qurilishni yakunlashda ko‘plab nemis kompaniyalari ishtirok etmoqda.

Schachtbau Nordhausen GmbH xalqaro tog‘-kon yo‘nalishi bo‘yicha rahbari Olaf Shmidtning so‘zlariga ko‘ra, dunyoda va ayniqsa Markaziy Osiyoda tog‘-kon sanoati xalqaro standartlarga moslashish tomon harakat qilmoqda.

– Bu standartlar jahon bozorida to‘laqonli ishtirok etish uchun zarur. Bugungi kunda global miqyosda dolzarb bo‘lgan modernizatsiya va ilg‘or texnologiyalarga e’tibor qaratish zarur,  – dedi spiker.

KfW IPEX-Bankning biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Yekaterina Galitsina o‘tgan yili paydo bo‘lgan yangi vosita haqida gapirdi.

– Germaniya hukumati KfW tomonidan boshqariladigan xomashyo sektorini qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus xomashyo vositasini yaratdi. Bular muhim materiallar ro‘yxatidagi loyihalar bo‘lib, ularga ushbu jamg‘arma tomonidan 50 million yevrodan 100 million yevrogacha investitsiya kiritilishi mumkin, albatta, agar bunday loyihalarda nemis yoki yevropalik investorlar ishtirok etsa, – dedi Yekaterina Galitsina.

NBU bankining transformatsiya ofisi boshqaruvchi direktori va BAAdagi vakolatxonasi rahbari Bahodir Alimov qayta tiklanadigan energiya manbalariga investitsiyalarni jalb qilish uchun katta salohiyatni ko‘rayotganini ta’kidladi. So‘ngra, spiker boshqa asosiy sohalarni ham sanab o‘tdi: agrosanoat, IT, turizm.

  • O‘zbekiston G‘arb va Sharq mamlakatlari o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘in hisoblanadi. Biz Ipak yo‘lining qoq markazidamiz. Bu borada transchegaraviy yo‘laklarni rivojlantirish, temir yo‘llar va avtomobil magistrallarini qurish bo‘yicha ko‘plab loyihalarimiz bor, – deya qo‘shimcha qildi Bahodir Alimov.

Sessiya davomida ishtirokchilar munozara olib borishdi, savollarga javob berishdi va fikr almashishdi. Ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun qaysi jihatlarni rivojlantirish zarurligi, shuningdek, samarali hamkorlikka xalaqit qilayotgan ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.