2024-yil 22-oktabr kuni Toshkent shahrida “Aholining farovonligini oshirish uchun barqaror investitsiyalarni jalb qilish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda ISSV matbuot xizmati.
Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida tashkil etilgan ekspertlar muloqoti Data Volt, Marubeni Corporation, SUEZ, ACWA Power, Masdar, OTP Green Fund, CAMCE, Vision Invest kabi 15 ta xorijiy kompaniya vakillarini, shuningdek, 80 ga yaqin Oʻzbekiston kompaniyalari rahbarlarini bir maydonda birlashtirdi.
Tadbirda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Akram Aliyev, Oʻzbekiston Raqobat qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Karabayev Farruxbek, Xorijiy investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlash agentligi direktori oʻrinbosari Roksana Nesor, Amerika-Oʻzbekiston savdo palatasi ijrochi direktori Yelena Son, Germaniya xalqaro hamkorlik jamg‘armasining isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va raqobat bo‘limi boshlig‘i Liya Grauberger, Maks Plank innovatsiyalar va raqobat instituti katta ilmiy xodimi Daria Kim (Germaniya) va Ipoteka banki Kuzatuv kengashi raisi maslahatchisi Shandor Reti (Vengriya) so‘zga chiqdilar.
Akram Aliyev oʻz nutqida 2017-2023-yillarda Oʻzbekiston sezilarli iqtisodiy oʻsishga erishganini va mintaqada yetakchi oʻrinni egallaganini taʼkidladi. Mamlakat yalpi ichki mahsuloti 60 milliard dollardan 100 milliard dollargacha oshgani barqaror va o‘sib borayotgan iqtisodiyotni aks ettiradi. Bundan tashqari, o‘tgan yili O‘zbekistonning tashqi savdo hajmi 62,6 milliard dollarni tashkil etgani mamlakatimizning jahon bozoridagi ishtiroki ortib borayotganidan dalolatdir. Shuningdek, sanoat ishlab chiqarish hajmi ham ortib, 56 milliard dollarni tashkil etdi.
O‘zbekiston-2030 strategiyasi doirasida 2030-yilga borib mamlakatimiz iqtisodiyotining 85% xususiy sektor tashkil etishini, energiyaning 40% qayta tiklanadigan manbalardan olishini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar rejalashtirilgan. Shuningdek, mehnat unumdorligini ikki barobar oshirish va eksport hajmini 45 milliard dollarga yetkazish maqsadi eʼlon qilindi.
O‘z navbatida, xalqaro ekspertlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro miqyosda e’tirof etilayotgani va xorijiy investorlar uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratishga qaratilganini ta’kidladilar. Masalan, energetika va infratuzilma kabi muhim tarmoqlarda tartib-taomillarni soddalashtirish va raqobatbardosh tender jarayonlarini joriy etish yirik biznes uchun jozibador muhit yaratadi. Shunday qilib, xorijiy kompaniyalar va investorlar O‘zbekistonni ishonchli va jozibador investitsiya yo‘nalishi sifatida ko‘rmoqda, bu esa kelajakda qo‘shimcha kapitalni jalb etish imkonini beradi.