Mamlakatimiz Bosh konsulligi ko‘magida Xitoyning Guanchjou shahri tashqi savdoga ko‘maklashish qo‘mitasi prezidenti Chen Simin boshchiligidagi biznes vakillaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Tashrif doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatiga bag‘ishlangan biznes-forum tashkil etildi.
Taqdimotlarda mamlakatimizda xorijiy kompaniyalar uchun yaratilgan qulay va xavfsiz ishbilarmonlik muhiti, imtiyoz va preferensiyalar tizimi, hududlardagi haydovchi tarmoqlar va istiqbolli loyihalar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
B2B muzokaralari davomida oʻzaro biznes almashinuvini faollashtirish, qoʻshma sarmoyaviy va savdo loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar boshqarmasi va Guanchjou tashqi savdosiga ko‘maklashish qo‘mitasi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.