16 iyun 2025

O‘zbekistonda xalqaro nizolarni hal etish: Toshkent Xalqaro Tijorat Sudi

2025-yilgi Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumining ikkinchi kunida “O‘zbekistonda xalqaro nizolarni hal etish: Toshkent Xalqaro Tijorat Sudi” mavzusida panel sessiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda ISSV matbuot xizmati.

Tadbirda qayd etilishicha, Toshkent Xalqaro Tijorat Sudi (TXTS) xalqaro investorlar uchun umumiy huquq (common law) tamoyillari va amaliyotlariga asoslangan xalqaro sud jarayoniga kirish imkonini berish maqsadida tashkil etilmoqda.

Shuningdek, xalqaro huquq bo‘yicha ekspert Marie-Anne Birken moderatorligi ostida o‘tgan sessiyada TXTSning tuzilmasi hamda Tashkent Xalqaro Arbitraj Markazi bilan birgalikda mintaqada investorlar nizolarini hal etish bo‘yicha xalqaro markazni yaratishdagi o‘rni tushuntirildi.

Tadbirda nutq so‘zlaganlar:

·        Herta Däubler-Gmelin, “Global Neighbors” maslahatchilar kengashi a’zosi, Germaniyaning sobiq adliya vaziri

·        Nasser Mohsin Al-Adba, “Omani & Partners” asoschisi va direktori

·        Jon Zaidi, “ACWA Power” kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh menejeri

·        Diana Bayzakova, Toshkent Xalqaro Arbitraj Markazi direktori

·        Islambek Rustambekov, Toshkent Yuridik Universitetining rektori

·        Jamshid Urunov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil o‘rinbosari

“Omani & Partners” asoschisi va direktori Nasser Mohsin Al-Adba xalqaro tijorat sudlarining ahamiyati haqida gapirar ekan, bu xalqaro investorlarni mamlakatga jalb qilishda muhimligini aytib o‘tdi.

“Xalqaro tijorat sudlarining o‘zgachaligi nimada? Birinchidan, ular hukumatga bog‘lanmagan va bu sudyalar hamda ularning faoliyatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir bo‘lmasligini anglatadi. Ikkinchidan ular xorijiy sudyalarni sud faoliyatida qatnashishga imkoniyat yaratadi”, — deydi “Omani & Partners” asoschisi va direktori.

Toshkent Xalqaro Arbitraj Markazi direktori Diana Bayzakova esa Xalqaro Arbitjaj Markazi va Xalqaro tijorat sudi faoliyatidagi farqlarni va ularning faoliyatini tushuntirib berdi.

“TXTSning paydo bo‘lishi investorlar uchun tanlov imkoniyatini paydo qildi. Arbitraj, iqtisodiy sud va mana endi maxsus Xalqaro Tijorat Sudining mavjudligi O‘zbekiston investorlarga to‘liq shart-sharoitlar yaratib berayotganini anglatadi”, — deydi Diana Bayzakova.

Shundan so‘ng Toshkent Yuridik Universiteti rektori Islambek Rustambekov so‘zga chiqib, TXTS xalqaro standard va tajriba asosida O‘zbekistonga yangi amaliyotni olib kelishini, bu esa an’anaviy tizim uchun yangiliklarning qonuniy laboratoriyasi bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.

“Bunday xalqaro tajriba va xorijiy huquqshunoslarning O‘zbekistonda paydo bo‘lishi yangi avlod huquqshunoslarini tayyorlashni taqozo etadi. Bu esa hozirgi huquqiy ta’lim tizimini o‘zgartirishga imkoniyat yaratadi. Biz Buyuk Britaniya va AQSH universitetlari bilan qo‘shma dasturlar ustida ish olib boryapmiz. Kelajakda umumiy huquq tajribasiga ega yangi avlod huquqshunoslariga katta talab yuzaga keladi, bunga tayyor turishimiz kerak”, — deydi Islambek Rustambekov.

O‘zbekiston enegriya sektoridagi eng yirik xorijiy investor — “ACWA Power” kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh menejeri Jon Zaidi shunday deydi:

“O‘zbekiston ACWA Power uchun Saudiya Arabistoni tashqarisidagi eng yirik ikkinchi investitsion manzil hisoblanadi. Shu sababli mamlakatda islohotlar doirasida nimalar bo‘layotganini kuzatish biz uchun muhim. Investorlar huquq shunchaki atama emas, haqiqat bo‘lgan mamlakatlarni yoqtiradi. O‘zbekistonda esa huquq allaqachon atamadan haqiqatga aylanib bo‘ldi deyish mumkin”

Mazkur panel sessiya O‘zbekistonda xalqaro nizolarni hal etish tizimini yanada takomillashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Unda TXTSning tashkil etilishi va uning umumiy huquq tamoyillariga asoslangan yangi yondashuv usullari muhokama qilindi.

TXTSning faoliyati, Tashkent Xalqaro Arbitraj Markazi bilan hamkorlikda, mintaqada investorlar uchun ishonchli va zamonaviy nizolarni hal etish markazini shakllantirishga xizmat qilishi qayd etildi. Sessiya O‘zbekistonning huquqiy islohotlarga sodiqligini va xalqaro investorlar uchun ochiq bo‘lishga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi.