30 iyul 2024

Britaniya kompaniyasi bilan o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilishni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi

O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Britaniyaning ‘‘FashionNet’’ (FNAD) kompaniyasi asoschisi Anton Dell bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

‘‘FashionNet’’ kompaniyasi to‘qimachilik sanoati korxonalariga tayyor mahsulotlarni rivojlangan mamlakatlar bozorlariga eksport qilishda amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Tashkilot 1994-yilda Londonda tashkil etilgan. Kompaniyaning Yevropa mamlakatlarida mintaqaviy vakolatxonalari ham mavjud. Kompaniya har bir mahsulotga individual yondashadi va to‘qimachilik mahsulotlarini ulgurji sotuvchilarga taklif qilish dasturlarini ishlab chiqadi. To‘g‘ri narx va o‘lchamni, shuningdek, boshqa parametrlarni tanlashda yordam ko‘rsatiladi. So‘nggi 30 yil ichida ‘‘FNAD’’ 1000 dan ortiq brendlarga 30 mamlakatda doimiy savdo agentlarini topishga yordam berdi.

Suhbat chogʻida Britaniya tomoni Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subʼyektlarini oʻz mahsulotlari bilan Britaniya bozoriga chiqishida qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Tajribali xodimlar va yetakchi ‘‘FNAD’’ mutaxassislari to‘g‘ri va doimiy eksport jarayonlarini o‘rgatadi, maxsus eksport modellarini ishlab chiqadi, eksport geografiyasini oqilona tanlaydi, narx va o‘lchamlarni xalqaro standartlarga moslashtiradi.

Britaniya tomoniga O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati salohiyati, paxta yetishtirishning eng ilg‘or va samarali usullari haqida ma’lumot berildi. Kompaniya 8-10-sentabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan ‘‘ITMF Annual Conference & IAF World Fashion Convention 2024’’ ko‘rgazmasida ishtirok etishga taklif qilindi.