Uygʻonish davri jahon sanʼati durdonalari jamlangan Florensiyadagi mashhur Uffizi galereyasida 2024-yilda Nukusdagi Savitskiy muzeyi kolleksiyasidagi asarlar koʻrgazmasi namoyish etiladi. Uni tayyorlashga galereya va O‘zbekiston madaniyati va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi o‘rtasidagi memorandum asos solgan.
I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi kolleksiyasidagi asarlar ko‘rgazmasi 2024-yilda Yevropaning eng qadimiy muzeylaridan biri – Florensiyadagi Uffizi galereyasida bo‘lib o‘tadi. Tayyorgarlik ishlari galereya direktori Aike Shmidtning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi bilan boshlandi.
Uffizi galereyasi va O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi o‘rtasida memorandum imzolangani muhim voqea bo‘ldi. Hujjat Markaziy Osiyodagi eng yirik Igor Savitskiy nomidagi sanʼat muzeyi kolleksiyasi durdonalarini xorijiy jamoatchilikka taqdim etadigan boʻlajak qoʻshma koʻrgazmaga tayyorgarlik koʻrish doirasida muassasalarning ikki tomonlama hamkorligini mustahkamladi.
«Rejalashtirilgan loyiha O‘zbekiston madaniyatini jahon miqyosida yoyish, shuningdek, xalqaro auditoriyada merosimiz va yurtimizga bo‘lgan qiziqishni oshirish bo‘yicha jamg‘armamizning asosiy missiyasiga javob beradigan navbatdagi qadamdir», – dedi jamg’arma ijrochi direktori Gayane Umerova.
Uffizi galereyasi delegatsiyasi besh kunlik tashrif davomida Toshkent, Samarqand, Buxoro va Nukusdagi qator davlat muzeylari va boshqa muassasalarda, jumladan, Savitskiy muzeyida bo‘ldi.
“Men Savitskiy nomidagi davlat muzeyining g’ayrioddiy kolleksiyasidan juda hayajondaman va hayratdaman. Bu shaxsan men uchun ham, mutaxassislar uchun ham ajoyib kashfiyot. Barchangizni shunday xazinalarga ega bo’lganingiz bilan tabriklashim mumkin. Gap nafaqat muzeyning boyligi, balki unda Igor Savitskiy sharofati bilan namoyish etilayotgan san’at asarlarining rang-barangligida ham bor”, — dedi Uffizi galereyasi direktori Ayke Shmidt.
I.V. Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyi kollektsiyasi 1966-yilda Nukusda tashkil etilgan. 100 mingga yaqin buyumga ega va Markaziy Osiyodagi eng yaxshilaridan biri hisoblanadi. U rus avangardining asarlari to’plamlari orasida ahamiyati va hajmi bo’yicha dunyoda ikkinchi o’rinda turadi. Muzeyda Turkiston avangardining noyob kolleksiyasi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston san’ati va hunarmandchiligining ta’sirchan kolleksiyasi ham mavjud.
16-asrda tashkil etilgan Florensiyadagi jahonga mashhur Uffizi galereyasida Uyg’onish davri jahon rasmining durdonalari mavjud. 45 dan ortiq xonalarda taniqli italyan rassomlari: Botticelli, Giotto, Mikelanjelo, Leonardo da Vinchi, Rafael, Titian va Karavadjiolarning rasmlari namoyish etiladi. Muzey shaharning va Toskana mintaqasining asosiy diqqatga sazovor joylaridan biridir. Har yili unga milliondan ortiq kishi tashrif buyuradi.