Joriy yilning 4-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov ISSV va Italiyaning ‘‘Arsenale S.p.A’’ kompaniyasi o‘rtasida “Toshkent-Samarqand-Buxoro-Xiva” yoʻnalishida hashamatli poyezd sayyohatini yoʻlga qoʻyish loyihasi doirasida Investitsiya bitimini imzolash marosimida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda ISSV matbuot xizmati.
‘‘Arsenale S.p.A’’ 2020-yilda Rimda tashkil etilgan. Bugungi kunda u ‘‘Orient Express’’ kabi dunyoning eng mashhur brendlari bilan hamkorlikda hashamatli mehmonxonalar, dam olish maskanlari va premium poyezdlar sayohatlari sohasida kompleks xizmatlarni taqdim etuvchi multibrend kompaniya hisoblanadi.
‘‘Arsenale S.p.A’’ yetarlicha tajribaga ega – kompaniya Misr, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklarida shu kabi loyihalarni amalga oshirmoqda.
Tadbir davomida Italiya tomoni O‘zbekiston bilan turizm va logistika sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga katta qiziqish bildirdi. Bunday loyihalarning amalga oshirilishi mamlakatimizga sayyohlarni yanada ko‘proq jalb etishi, O‘zbekiston turizm salohiyatini butun dunyoga namoyish etishiga ishonch bildirildi.