21 oktabr 2024

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va ‘‘Wildberries’’ o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va MDHdagi eng yirik onlayn platformalardan biri – ‘‘Wildberries’’ o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmari.

Hujjatda ‘‘Wildberries’’ platformasi orqali mahalliy tadbirkorlikni rivojlantirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarining eksport salohiyatini yuksaltirish, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlar uchun seminar va treninglar o‘tkazish, elektron savdoni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish kabi hamkorlik yo‘nalishlari belgilandi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, memorandumning imzolanishi tomonlarning O‘zbekistonda onlayn-biznes uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, ishlab chiqaruvchilar va eksportchilarning o‘z mahsulotlarini xalqaro bozorlarga onlayn targ‘ib qilish imkoniyatlarini kengaytirishga sobitligini bildiradi.

‘‘Wildberries&Russ’’ (‘‘RVB’’ MChJ) bozorning ikki yetakchisi – ‘‘Wildberries’’ IT-kompaniyasi va ‘‘Russ’’ tashqi reklama operatorining birlashishi natijasida zamonaviy raqamli savdo platformasini birgalikda yaratish hamda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish vositalarini taqdim etish maqsadida tashkil etilgan. Ayni paytda kompaniya Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda, shuningdek, Xitoyda faoliyat yuritadi – ushbu mamlakatdan tovarlar import qilinadi.