25 sentabr 2024

O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri va Misr moliya vaziri o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashining Yillik yig‘ilishi arafasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Misr moliya vaziri Ahmad Kuchuk o‘rtasidagi uchrashuvda asosiy eʼtibor ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratildi, deb xabar bermoqda ISSV matbuot xizmati.

2024-yilning yanvar-avgust oylarida tovar ayirboshlash o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga oshdi. Qo‘shma investitsiyalar portfeli turli sohalarda ‘‘Elsewedy Electric’’, ‘‘Orascom Investment’’, ‘‘Orascom Construction’’, ‘‘Gulf Data Hub’’, ‘‘Nile Sugar’’, ‘‘Solyphar’’ va ‘‘Elaraby Group’’ kabi kompaniyalar ishtirokida amalga oshirilgan umumiy qiymati 1,5 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 18 ta loyihani o‘z ichiga oladi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun barcha mavjud resurslar va imkoniyatlardan foydalanish zarurligi ta’kidlandi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish yo‘llarini tahlil qilish va aniq takliflar ishlab chiqish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzish chora-tadbirlari kelishib olindi.

Moliya va bank institutlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qoʻyish, Misrlik kompaniyalarni yangi xususiylashtirish dasturi va infratuzilmaviy rivojlanish, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida davlat-xususiy sheriklik doirasidagi yirik loyihalarda ishtirok etishga faol jalb etish kabi ustuvor vazifalar ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikni rivojlantirishga oʻzaro tayyor ekanliklarini bildirdilar va Oʻzbekiston va Misr oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishini joriy yil oxirigacha Samarqand shahrida oʻtkazishga kelishib oldilar.