9-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov “Synergy Consulting” (AQSh) boshqaruvchi hamkori Ankit Chaturvedi bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Suhbatda O‘zbekiston Respublikasida yangi istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yirik xorijiy kompaniyalarni jalb etish maqsadida hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Xususan, qurilish materiallari ishlab chiqarish, metallurgiya, farmatsevtika, kimyo va oziq-ovqat sanoati kabi sohalardagi loyihalarni amalga oshirish doirasida xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish imkoniyatlari yuzasidan konstruktiv fikr almashildi.
Kompaniya vakillari yirik xorijiy kompaniyalarni mamlakatimiz bozoriga faol jalb etish maqsadida muhokama qilingan loyiha tashabbuslari va O‘zbekistonda yaratilgan sarmoyaviy shart-sharoitlar to‘g‘risida ma’lumotlarni yetkazishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
‘‘Synergy Consulting Infrastructure and Financial Advisory Inc.’’ moliyaviy va korporativ konsultatsiyalar xizmatlari sohasida yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. 80 dan ortiq mamlakatlarda faoliyat yuritadi. Kompaniya O‘zbekistonda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida 30 dan ortiq loyihalarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatdi.