30 oktabr 2024

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri bilan Malayziya parlamenti yuqori palatasi raisi o‘rinbosari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

28-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir Laziz Kudratov va mamlakatimizda parlament saylovlarida kuzatuvchi sifatida qatnashayotgan Malayziya parlamenti yuqori palatasi raisi o‘rinbosari Nur Jazlan Mohamad o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.

Muzokaralar chog‘ida Laziz Kudratov so‘nggi yillarda O‘zbekiston-Malayziya munosabatlari rivojlanishidagi ijobiy dinamikani qayd etdi. Mamlakatimiz Malayziyaga xizmatlar, kimyo va oziq-ovqat mahsulotlari eksportini oshirmoqda. Toshkentdagi Malayziya elchixonasida Malayziya tashqi savdoni rivojlantirish korporatsiyasining (MATRADE) vakolatxonasi ochildi. O‘zbekistonda Malayziya kapitali ishtirokidagi 37 ta korxona faoliyat yuritmoqda.

Hamkorlik ko‘lamini kengaytirish va mavjud salohiyatdan foydalanish zarurligi haqidagi mushtarak qarashlardan kelib chiqib, tomonlar o‘zaro savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab oldilar va amaldagi kelishuvlarni faollashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida kelishib oldilar. Ular orasida Malayziyaning yetakchi ishlab chiqaruvchilari bilan qo‘shma loyihalarni joylashtirishga mo‘ljallangan “O‘zbekiston-Malayziya sanoat zonasi” tashkil qilish tashabbusi ham bor.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha har ikki tomonning masʼul shaxslari hamda muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishning aniq muddatlari belgilab olindi hamda kelgusida hamkorlik qilish mexanizmi ishlab chiqildi.