Joriy yilning 28-fevral kuni Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev va Shveysariyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Konstantin Obolenskiy ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqida Iqtisodiyot va moliya vazirligi Axborot xizmati xabar beradi.
Uchrashuvda Shveysariya elchixonasi maslahatchisi Gyobel Bosh Raxel hamda Iqtisodiyot va Moliya vazirligi Xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik, xalqaro reytinglar bilan ishlash departamenti direktori Ajiniyaz Kaypnazarov ishtirok etdilar.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasidagi tobora rivojlanib borayotgan ikki tomonlama o‘zaro manfaatlarga asoslangan munosabatlarga alohida urg‘u berilib, mehmonlarga 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, ushbu Strategiyada “Inson qadri uchun” tamoyili asosida iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini joriy etish hamda iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish kabi muhim vazifalar belgilanganligi yuzasidan ma’lumot berildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan iqtisodiyotga mahalliy va xorijiy xususiy investitsiyalarni ko‘paytirish uchun sharoitlarni yanada yaxshilashga e’tibor qaratilayotganligi, shuningdek, mamlakatimizda iqtisodiyotni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan izchil choralar yuzasidan fikr almashildi.
O‘z navbatida mehmonlar Respublikamizda inklyuziv va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish, suv resurlaridan oqilona foydalanish, iqlim o‘zgarishlari va davlat boshqaruvi sohasida amalga oshirilib kelayotgan islohotlarga yuqori baho berdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan kelishib oldilar.