Joriy yilning 15-iyul kuni Savdo-sanoat palatasida O‘zbekiston-Turkmaniston Ishbilarmonlar kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi SSP matbuot xizmati.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov, Turkmaniston Savdo-sanoat palatasi raisi Mergen Gurdov hamda ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, ushbu ishbilarmonlar kengashi 2018-yil aprel oyida Toshkentda tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekiston va Turkmaniston ishbilarmon doiralari o‘rtasida savdo-investitsiya, transport-logistika sohalarida, shuningdek iqtisodiyotning turli sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan.
Kun tartibida sanoat va transport, to‘qimachilik sanoati, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, shuningdek, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ikki mamlakat biznes vakillari o‘rtasida “B2B” formatidagi muzokaralarni ta’minlash orqali hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
2023-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollardan oshgan. Ushbu ko‘rsatkich 2017-yildagi tovar ayirboshlash hajmidan besh baravar ko‘proqdir. Shundan eksport 170 mln dollardan, import esa 923 mln dollardan ortiqni tashkil etdi. O‘zbekistonda turkman kapitali ishtirokidagi 187 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.