16 may 2024

“Qurilish materiallari eksportida yuzaga keladigan muammolar” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi

Joriy yilning 16-may kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida “Qurilish materiallari eksportida yuzaga keladigan muammolar” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.

Tadbirda vazir Laziz Kudratov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi xodimlari va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi rahbariyati, shuningdek, mamlakatning barcha viloyatlardan qurilish materiallari ishlab chiqarish va eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi 100 ga yaqin korxona rahbarlari ishtirok etdi. 

Ochiq muloqotda ishlab chiqarish va eksport faoliyati jarayonida yuzaga keladigan tizimli va individual muammolar muhokama qilindi. Xususan, mahsulot eksportini rag‘batlantirish, tashqi bozorlarni diversifikatsiya qilish va mahalliy korxonalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Soha tadbirkorlari tomonidan ilgari surilgan 20 dan ortiq yangi taklif va tashabbuslar tahlil qilindi.

Davra suhbati yakunida ko‘tarilgan muammoli masalalarni tegishli boshqarmalar bilan birgalikda hal etish, ularni amalga oshirishning aniq muddatlarini belgilab berish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni shakllantirish yuzasidan mutasaddi rahbarlarga topshiriqlar berildi.