O‘zbekistonning ushbu yo‘nalishdagi bank va tashkilotlarining 40 dan ortiq vakillaridan iborat delegatsiya Buyuk Britaniyada bo‘lmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Ular 17-18-iyun kunlari Londonda bo‘lib o‘tgan Qarz oluvchilar va obligatsiyalar investorlarining global forumida ishtirok etishdi. Tadbir doirasida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi ustuvor yo‘nalishlardagi hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan biznes-forum tashkil etildi.
Tadbirda Buyuk Britaniyaning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bo‘yicha maxsus savdo vakili Lord Olderdis, Buyuk Britaniya Savdo va biznes departamenti rahbariyati, shuningdek, mamlakatimizning 30 dan ortiq yetakchi moliya institutlari va kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Lord Alderdis o‘z nutqida joriy yilda O‘zbekiston-Buyuk Britaniya hamkorligi sur’at va mazmun jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.
Buyuk Britaniya hukumatining yuqori martabali vakili moliya sohasida hamkorlik muhimligini ta’kidlab, O‘zbekiston hukumati va kompaniyalari tomonidan yevroobligatsiyalarni London fond birjasida muvaffaqiyatli joylashtirishga e’tibor qaratdi.
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayoni doirasida Buyuk Britaniya bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlangani alohida ta’kidlandi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya vakillari o‘rtasida xalqaro kapitalni jalb qilish masalalari yuzasidan qator ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi.