Joriy yilning 16-18-sentabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Shoxrux Gulamov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi BAAda bo‘ldi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.
Dubay va Abu-Dabiga tashrif davomida BAAning yirik xususiy kompaniyalari va suveren fondlari bilan ‘‘roud-shou’’ va ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazildi. Shuningdek, energetika va infratuzilma vaziri, BAA Investitsiyalar vazirligi rahbariyati, Abu-Dabi va Dubay Savdo-sanoat palatalari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
O‘zbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash, soliq yukini kamaytirish, bojxona to‘lovlarini hamda qator faoliyat turlarini litsenziyalashni bekor qilish va investorlar huquqlarini qonunchilik bilan himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy jihatlari qayd etildi.
Olib borilgan islohotlarning natijalari alohida taʼkidlandi. Xususan, 2017-yildan buyon toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar 3 baravar oshdi, iqtisodning barqaror 6 foizga va sanoatning 8 foizga oʻsishi kuzatilmoqda. Eksport hajmi ikki barobarga oshdi. Navbatdagi asosiy maqsadlar qatoriga YaIMni 160 milliard dollarga va aholi daromadlarini jon boshiga 4 ming dollarga olib chiqish, Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish kabi vazifalar kiritilgan.
Uchrashuvlar doirasida, shuningdek, ustuvor tarmoqlarda davlat-xususiy sheriklik asosida umumiy qiymati 30 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 63 ta loyiha va xususiylashtirishga taklif etilgan 21 ta ob’ekt taqdimoti ham tashkil etildi.
BAA kompaniyalari rahbarlari hamkorlik qilishga katta qiziqish bildirishdi va Oʻzbekiston bozoriga chiqish boʻyicha oʻz yondashuvlari va rejalari bilan oʻrtoqlashdi. Birgalikda ish olib borish yuzasidan aniq taklif va yo‘nalishlar bildirildi.
Tashrif yakunida BAA kompaniyalarining xususiylashtirish dasturi va davlat-xususiy sheriklik loyihalarida ishtirok etishi boʻyicha qator bitim va kelishuvlarga erishildi.