27 noyabr 2023

Davlat mulkini xususiylashtirishga oid munosabatlar takomillashtirilmoqda

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonuni ko‘rib chiqildi, deb xabar beradi O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.

Mazkur qonun sohadagi xalqaro tajribadan hamda Yangi O‘zbekiston maʼmuriy islohatlar va Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, unda xususiylashtirishning barcha bosqichlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonun darajasida belgilanmoqda.

Qonun bilan xususiylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilish, baholashdan o‘tkazish, boshlang‘ich narxni belgilash, maslahatchilarni jalb etish, savdolarni o‘tkazish jarayonlari tartibga solinmoqda.

Shuningdek, xususiylashtirishning qonuniylik, ochiqlik va shaffoflik, hisobdorlik, teng raqobat muhitini taʼminlash hamda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik kabi asosiy prinsiplari belgilanmoqda.

Shu bilan birga amaldagi qonunda aks etmagan elektron-onlayn auksion va birja, shuningdek, muzokaralarga ommaviy taklif qilish, raqobatga asoslangan muloqot asosida sotish, korxonani va ko‘chmas mulk obyektini boshqa jamiyatning ustav fondiga kiritish va korxonalarni keyinchalik sotish sharti bilan ijaraga berish kabi xususiylashtirishning yangi turlari kiritilmoqda.

Bundan tashqari, qonunda xususiylashtirish sohasida Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining vakolatlari aniq belgilanmoqda.

Qonun bilan xususiylashtirish jarayonida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan meʼyorlar kiritilib, unga ko‘ra xususiylashtirish to‘g‘risidagi yig‘ma hisobotlar va har bir davlat aktivi savdo jarayonlari bosqichlari to‘g‘risida maʼlumotlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligigi, uning hududiy boshqarmalari, savdo tashkilotchisi va vositachining veb-saytlarida, shuningdek respublika va mahalliy darajadagi ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilinishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, davlat aktivlarini sotishda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati, to‘lovlarni amalga oshirish tartibi va shartlari qonun darajasida belgilanmoqda hamda mulkni balansda saqlovchining javobgarligi kuchaytirilmoqda.

Mazkur Qonunning qabul qilinishi davlat aktivlarini zamonaviy uslublar asosida xususiylashtirishni jadalashishini, xususiylashtirish jarayonlarining ochiq va shaffof bo‘lishini, barcha xaridorlar uchun teng raqobat muhiti yaratilishini taʼminlaydi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.