01 iyul 2024

Polshaning eng qadimgi Savdo-sanoat palatasi O’zbekiston bilan hamkorlikni faollashtirishdan manfaatdor

O‘zbekiston elchixonasi vakillari Kichik Polsha voevodaligiga (viloyatiga) tashrif buyurib, u yerda qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Xususan, Krakov Savdo-sanoat palatasi direktori Rafal Kulchiski bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

1850-yilda tashkil etilgan Krakov Savdo-sanoat palatasi Polshadagi eng qadimgi hisoblanadi. Ayni paytda u 200 dan ortiq tadbirkorni birlashtirgan.

Muzokaralarda O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy sohadagi ikki tomonlama hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Polsha tomoni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Samarqand viloyati boshqarmasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanligini, shuningdek, Samarqandga Polsha biznes missiyasini tashkil etishga tayyorligini bildirdi.

Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari – qurilish, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va kimyo sanoati kabi sohalar belgilandi.

Muzokaralar natijasida Toshkentda 28-30-noyabr kunlai boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning 8-yigʻilishi doirasidagi biznes-forumda Kichik Polsha voevodaligi kompaniyalarining faol ishtiroki boʻyicha kelishuvga erishildi.